Messi «Real»ning uch nafar sobiq futbolchisi bilan futbolka almashmoqchi
«Barselona» klubi sobiq hujumchisi Lionel Messi ayrim jamoadoshlari bilan futbolka almashmaganidan afsusda ekanligini bildirdi. Shuningdek, argentinalik forvard raqib jamoalarning libosini olishni istagan o‘yinchilar nomini ham sanab o‘tdi.
«Ko‘plab jamoadoshlarim, xususan, Ronaldinyo, Xavi va Inyesta bilan futbolka almashmaganimdan juda afsusdaman. Shuningdek, Roberto Karlos, Devid Bekxem va Ronaldo Nazario kabi raqiblar bilan ham libos almashishni istagan bo‘lardim. O‘z vaqtida ulardan futbolkalarini so‘rab olish men uchun katta mamnuniyat bo‘lar edi», — dedi Messi jurnalist Pollo Alvaresga bergan intervyusida.
Ta’kidlash joizki, himoyachi Roberto Karlos, yarimhimoyachi Devid Bekxem va hujumchi Ronaldo Nazario o‘z vaqtida Madridning «Real» klubi sharafini himoya qilishgan.