Messi Lego yordamida Jahon kubogi nusxasini yaratdi (foto)
«Inter Mayami» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Lego konstruktoridan yig‘ilgan Jahon kubogi nusxasi aks etgan postni e’lon qildi.
2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun maxsus yaratilgan ushbu nusxa 2842 ta detaldan iborat bo‘lib, 1:1 masshtabda tayyorlangan. Ya’ni, uning o‘lchami asl nusxa bilan bir xil — 36 santimetrni tashkil qiladi, biroq ularning vazni turlicha. Asl kubok olti kilogrammdan ortiq vaznga ega.
Jahon kubogi nusxasining yuqori qismi ochilganda, ichidan yana bir syurpriz chiqadi. U yerda qo‘lida mitti trofeyni tutib turgan jahon chempionining mini-figurasi joylashtirilgan.
2026 yilgi jahon chempionati kelasi yozda uchta mamlakat: AQSH, Kanada va Meksika hududlarida bo‘lib o‘tadi. Argentina terma jamoasi amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. 2022 yilgi dunyo birinchiligining finalida Argentina milliy jamoasi Fransiya bilan to‘qnash kelgan edi. O‘yinning asosiy vaqti 3:3 hisobida yakunlangan, biroq penaltilar seriyasida argentinaliklarning qo‘li baland kelgan (4:2).