Messi Ispaniyadagi ochiq mashg‘ulotda muxlislarga minnatdorchilik bildirdi
Argentina terma jamoasi sardori va hujumchisi Lionel Messi Ispaniyadagi «Manuel Martines Valero» stadionida o‘tkazilgan ochiq mashg‘ulotga tashrif buyurgan muxlislarga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mashg‘ulotni 20 mingdan ortiq tomoshabin kuzatgan.
«Oxirgi marta bu yerda bo‘lganimga ancha vaqt boʻldi. Rostini aytsam, qayerga borishimdan qat’i nazar, sizlar tomonidan bildiriladigan muhabbat meni har safar hayratga soladi. Kelganingiz uchun katta rahmat, oralaringizda juda ko‘p argentinalik muxlislar bor edi! Sizni yana ko‘rganimdan juda xursandman», — deb yozdi Messi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur mashg‘ulot Argentina terma jamoasining Angolaga qarshi 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘in oldi bahsidan avval o‘tkazildi.