Messi ishtirokidagi tadbir tashkilotchisi Hindistonda hibsga olindi
G‘arbiy Bengaliya gubernatori Ananda Boze Kalkutta shahridagi «Solt-Leyk» stadionida Argentina milliy jamoasi hujumchisi va sardori Lionel Messi ishtirokida o‘tkazilgan tadbir bilan bog‘liq mojaroga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tadbir tashkilotchisi muxlislar stadionda tartibsizliklar uyushtirgach, hibsga olingan. Shuningdek, Boze hozirda ushbu holat yuzasidan rasmiy tergov ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda ANI axborot agentligi xabar bermoqda.
Bundan tashqari, G‘arbiy Bengaliya bosh vaziri Mamata Banerji Lionel Messi va norozilik bildirgan muxlislardan uzr so‘radi.
«Bugun «Solt-Leyk» stadionida guvoh bo‘lgan noto‘g‘ri boshqaruv meni chuqur tashvishga soldi va hayratga soldi. Men stadionga minglab sport ishqibozlari va muxlislar bilan birga, sevimli futbolchisi Lionel Messini hech bo‘lmaganda bir lahzaga bo‘lsa ham ko‘rish uchun yig‘ilgan tadbirga borayotgan edim.
Ushbu noxush holat uchun Lionel Messidan, shuningdek, barcha sport muxlislari va uning ishqibozlaridan chin dildan uzr so‘rayman», — deb yozdi Banerji X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Avvalroq xabar qilinganidek, muxlislar tadbirga chipta uchun pul to‘laganiga qaramay, Messini to‘liq ko‘ra olmaganidan so‘ng norozilik bildirib, vandalizm harakatlariga qo‘l urgan. Argentinalik yulduz futbolchi maydonni tezda tark etgani bunga sabab bo‘lgan.