Messi golli uzatmalar soni boʻyicha Pushkashga tenglashib oldi
AQShning Sinsinnati shahrida 23 dan 24 noyabrga o‘tar kechasi MLS pley-offining chorak final bosqichida «Sinsinnati» va «Inter Mayami» jamoalari to‘qnash keldi. Uchrashuv floridaliklar uchun juda muvaffaqiyatli kechdi — Xaver Maskerano shogirdlari raqib darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urib, yirik hisobda gʻalaba qozondi.
Uchrashuvning bosh qahramoni yana Lionel Messi bo‘ldi. Jamoa sardori bir gol urib, yana uchta golli uzatma berdi va o‘zining MLS pley-offidagi ajoyib o‘yinini davom ettirdi. Mazkur natija Messini futbol tarixidagi eng yaxshi assistent maqomiga yanada yaqinlashtirdi.
Mazkur o‘yindan so‘ng argentinalik yulduzning faoliyatidagi jami golli uzatmalar soni 404 taga yetdi. Bu ko‘rsatkich afsonaviy vengriyalik hujumchi Ferens Pushkashning tarixiy rekordiga tenglashdi. Ko‘plab manbalarda Pushkash aynan shuncha assistga ega deb qayd etiladi, biroq bu raqamni rasmiy statistikalar bilan aniq tasdiqlashning iloji yo‘q. Messining muvaffaqiyatlari esa to‘liq va ishonchli tarzda qayd etib boriladi.
Shunday qilib, Lionel Messining navbatdagi golli uzatmasi uni futbol tarixidagi eng ko‘p assist bergan o‘yinchi sifatida yakka peshqadamga aylantiradi.