Messi eri vafot etgan jurnalistga yordam taklif qilgani ma’lum bo‘ldi
Argentinalik jurnalist Veronika Brunati Lionel Messi bilan bog‘liq ta’sirli voqeani yodga oldi. U Argentina terma jamoasidagi faoliyatini yakunlagan futbolchiga bag‘ishlangan maqolasida 2014-yilda turmush o‘rtog‘i vafot etganidan so‘ng Messi unga va farzandlariga yordam berishga tayyor bo‘lganini ma’lum qildi.
Brunatining eri, jurnalist Xorxe “El Topo” Lopes 2014-yilda yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan. U ketayotgan taksiga politsiya ta’qibidan qochayotgan jinoyatchilar avtomobili kelib urilgan. Og‘ir yo‘qotishdan keyin Messi Brunatini “Barselona”ning Joan Gamper bazasiga taklif qilgan.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Messi uning farzandlari — Agus va Lusiyaning ismlarini eslab qolgan va oilaga qanday yordam bera olishini so‘ragan. Brunati esa bolalari Messini ko‘rganida xursand bo‘lishini aytgan. Futbolchi esa bundan tashqari boshqa yordam ko‘rsatishga ham tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Brunati uzoq yillar davomida Argentina terma jamoasi va Lionel Messining faoliyatini yoritib kelgan. U o‘z maqolasida Messi nafaqat futbolchi sifatida, balki og‘ir davrda uning oilasiga dalda bergan inson sifatida ham hayotida alohida o‘rin tutishini ta’kidlagan.