Messi birinchi, Son ikkinchi — MLSda eng koʻp maosh oluvchi futbolchilar reytingi e‘lon qilindi
MLS futbolchilar assotsiatsiyasi 2025 yilning 1 oktyabr holatiga koʻra ligadagi futbolchilarning maoshlar reytingini eʼlon qildi. Eng yuqori maosh oluvchi sifatida hanuzgacha «Inter Mayami» hujumchisi Lionel Messi yetakchilik qilmoqda — u yiliga 20,4 million dollar ishlab topadi.
Ikkinchi oʻrinda yozda «Los-Anjeles» klubiga oʻtgan Son Xyon Min joylashgan. Uning yillik maoshi 11,2 million dollarni tashkil qiladi. Uchinchi pogʻonadan esa Messining jamoadoshi, yarimhimoyachi Serxio Buskets joy olgan — 8,8 million dollar.
Kuchli beshlikni Migel Almiron («Atlanta Yunayted», 6,1 mln dollar) va Irving Losano («San-Diyego», 6 mln dollar) yakunlab bergan.
MLS jamoalari orasida eng katta maosh byudjetiga ega jamoa bu — «Inter Mayami» hisoblanadi. Klubning umumiy ish haqi fondi 48,97 million dollarni tashkil etadi. Eng kam xarajat qiluvchi jamoa — «Monreal Impakt», u futbolchilar maoshiga atigi 12,92 million dollar sarflaydi.