Messi «Barselona», «Man Siti» va «Inter Mayami» ishtirok etadigan yoshlar oʻrtasidagi turnirni tashkil etdi
Argentina milliy jamoasi va AQShning «Inter Mayami» klubi hujumchisi Lionel Messi oʻz nomidagi yoshlar futbol turnirini tashkil etayotganini e’lon qildi. Bu haqda futbolchining oʻzi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, musobaqa «Messi Kubogi» deb nomlanadi va u 9—14 dekabr kunlari Mayamida oʻtkaziladi. Turnirda U-16 yosh toifasidagi mashhur klublar — «River Pleyt» va «Nyuells Old Boyz», «Inter Mayami», «Barselona», «Atletiko», «Chelsi» va «Man Siti», shuningdek, «Inter» ishtirok etishi tasdiqlangan.
Eslatib oʻtamiz, Messi 2023 yildan buyon «Inter Mayami» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Bungacha u «Barselona» va «PSJ» klublarida toʻp surgan. Kataloniyaliklar safida Messi 10 marta Ispaniya chempioni boʻlgan, 4 marta Chempionlar ligasi va 3 bor KJChda gʻolib chiqqan.
Shuningdek, Leo sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi hisoblanadi. Argentina milliy jamoasi bilan esa Messi 2022 yilgi jahon chempioni, 2021 va 2024 yillarda ikki karra Amerika Kubogi gʻolibi boʻlgan.