Messi “Barselona” bilan xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishi mumkin
“Barselona”ning sobiq futbolchisi Lionel Messi kataloniyaliklar bilan xayrlashuv marosimida ishtirok etishi kutilmoqda. Klubning sobiq boshqaruv kengashi a’zosi Toni Freysha argentinalik futbolchi sharafiga “Kamp Nou” stadionida maxsus tadbir tashkil etilishi haqida ma’lum qildi. Bu haqda The Touchline nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Freysha xayrlashuv marosimi yaqin bir yarim yil ichida o‘tkazilishini ta’kidlagan. “Bir yarim yil ichida ‘Kamp Nou’ stadionida Leo Messi bilan xayrlashuv marosimi o‘tkaziladi. Bu allaqachon tasdiqlangan”, — dedi klubning sobiq rasmiysi.
Hozircha Messining ushbu tadbir doirasida “Barselona” safida maydonga tushishi yoki faqat tantanali marosimda ishtirok etishi noma’lum. Shuningdek, klub tomonidan tadbirning aniq sanasi va formati yuzasidan rasmiy bayonot berilmagan. Argentinalik futbolchi 2021-yilda moliyaviy muammolar sabab kataloniyaliklar safini tark etgan va muxlislar bilan stadionda xayrlashish imkoniyatiga ega bo‘lmagan.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi 2004–2021-yillar davomida “Barselona”ning asosiy jamoasida 778 ta rasmiy uchrashuvda maydonga tushib, 672 ta gol urgan. U kataloniyaliklar bilan 35 ta sovrin, jumladan, 10 marta Ispaniya chempionligi va 4 marta UEFA Chempionlar ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan.