Mbappening jarohat fonidagi xatti-harakatlari «Real» kiyinish xonasida norozilik uyg‘otdi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappening yangi mushak jarohati fonidagi xatti-harakatlari jamoa ichida tushunmovchilik keltirib chiqardi. Bu haqda El Mundo nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchilar Mbappe avvalgi jarohati vaqtida klub fizioterapevtlari hamrohligida Parijga yo‘l olganini to‘g‘ri tushunishgan edi. Biroq, fransiyalik hujumchining hozirgi jarohati «uncha jiddiy emas»ligini hisobga olsak, ko‘plab jamoadoshlari uning Ispaniya tashqarisiga safarlarini qabul qila olishmayapti.
Ayniqsa, 10 may kuni bo‘lib o‘tadigan «El-Klasiko»da ishtirok etish uchun «bor imkoniyatini ishga solishini» ta’kidlagan Mbappening so‘nggi kunlardagi harakatlari bir qancha futbolchilarni hayratda qoldirgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OAVda «qaymoqranglilar» hujumchisi o‘zining sevgilisi hamrohligida Italiyaga yo‘l olgani haqida xabarlar tarqalgan edi.