Mbappe Zidandan hafsalasi pir bo'ldi
Fransiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe Zinedin Zidanning milliy jamoadagi dastlabki taktik qarorlaridan biridan norozi bo‘lgani xabar qilindi. The Touchline ma’lumotiga ko‘ra, bunga yangi bosh murabbiyning hujumchini markazda emas, chap qanotda o‘ynatgani sabab bo‘lgan.
Zidan Fransiya terma jamoasini qabul qilib olganidan keyin Mbappeni aynan chap qanotda ko‘rishini yashirmagan edi. Mutaxassisning rejasiga ko‘ra, Usmon Dembele markaziy hujumchi, Mbappe chap qanot, Maykl Olise esa o‘ng qanotda harakat qilishi kerak.
Yangi sxema Turkiyaga qarshi Millatlar ligasi uchrashuvida ham qo‘llandi. Mbappe ikkinchi bo‘limda uchrashuvdagi yagona golni urdi va Fransiyaga 1:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi. Biroq hujumchi gol urgan vaziyatda chap tizzasidan jarohat olib, ko‘p o‘tmay maydonni tark etdi.
Ma’lumot uchun, Zidan boshchiligidagi Fransiya terma jamoasi ilk uchrashuvini g‘alaba bilan boshladi. “Uch ranglilar” Millatlar ligasidagi navbatdagi bahsini 28-sentabr kuni Belgiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi, Mbappe esa jarohati sabab ushbu uchrashuvda qatnashmaydi.