Mbappe “Vilyarreal”ga qarshi o‘yinda maydonga tushadimi?
Kilian Mbappe “Real Madrid”ning 10-oktabr kuni La Liga doirasida “Vilyarreal”ga qarshi bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida maydonga tushishi kutilmoqda. Fransiyalik hujumchi xalqaro tanaffus vaqtida chap tizzasidan jarohat olgan edi. Hozirda uning holati yaxshilangani va navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Mbappe 5-oktabr kuni Madridga qaytgan. U jamoaning ertalabki mashg‘ulotiga ulgurmagan va shu sabab umumiy guruh bilan ishlamagan. Futbolchi Valdebebas bazasida individual dastur asosida tayyorgarlikni davom ettiradi. “Real Madrid” tibbiy shtabi uning tiklanish jarayonini nazorat qilmoqda.
Mbappe Fransiya terma jamoasining Turkiyaga qarshi uchrashuvida gol urganidan so‘ng chap tizzasida kuchli og‘riq sezgan va almashtirilishini so‘ragan edi. Keyingi tekshiruvlarda unga chap tizza orqa kapsulasining giperekstenziyasi tashxisi qo‘yildi. Dastlab futbolchining “Vilyarreal”ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishi mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, uning tiklanishi kutilganidan yaxshi kechmoqda va asosiy tarkibda maydonga tushish ehtimoli ham mavjud.
Ma’lumot uchun, Mbappe 2026/27 mavsumida “Real Madrid” safida La Ligada 7 ta uchrashuvda 7 ta gol urib, 2 ta golli uzatma amalga oshirgan. Chempionlar ligasida esa 1 ta o‘yinda 1 ta gol qayd etgan. Shu tariqa, u klub safida joriy mavsum barcha musobaqalarda 8 ta uchrashuvda 8 ta gol va 2 ta assist muallifi bo‘lib turibdi.