Mbappe va «Real»ning boshqa jarohat olgan futbolchilari haqida maʼlumot berildi
«Real» hujumchisi Kilian Mbappe vayarim himoyachi Eduardu Kamavinga La Liga doirasida «Alaves»ga qarshi uchrashuv arafasidagi mashg‘ulotda ishtirok etmadi. Bu haqda The Athletic jurnalisti Mario Kortexana xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mbappe tizzasida og‘riq sezmoqda, Kamavinga esa katta ehtimol bilan bo‘lajak uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, mashg‘ulotda yarimhimoyachi Federiko Valverde ham qatnashmadi — unda o‘ng son mushaklarida zo‘riqish qayd etilgan. Himoyachi Antonio Ryudiger esa chap oyog‘idagi noqulaylik sababli tayyorgarlikdan chetda qoldi.
Valverde borasida klub ichida optimistik kayfiyat saqlanib qolmoqda va uning o‘yinda maydonga tushishi ehtimoli bor. Ryudiger masalasida esa vaziyat hozircha noaniq, biroq futbolchining yaqinlari u baribir uchrashuvda ishtirok etishiga umid qilmoqda.
Himoyachi Din Heysen jarohatdan forig‘ bo‘lib, jamoa bilan birga mashg‘ulotlarni boshlagan. Shu bilan birga, «Alaves»ga qarshi bahsni aniq o‘tkazib yuboradigan futbolchilar ham bor. Jarohatlar sabab Dani Karvaxal, Trent Aleksander-Arnold, Eder Militao, David Alaba va Ferlan Mendi maydonga tusha olmaydi. Bundan tashqari, «Selta»ga qarshi o‘yinda (0:2) qizil kartochka olgan Fran Garsiya va Alvaro Karreras diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvda qatnashmaydi.
Maʼlumot uchun, «Alaves» — «Real» uchrashuvi 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi.