Mbappe «Real»ning «Levante»ga qarshi bahsini oʻtkazib yuboradi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe Ispaniya chempionatining 20-turi doirasida «Levante»ga qarshi o‘yinda maydonga tushmaydi. Bu haqda L'Equipe nashri xabar bermoqda.
Avvalroq fransiyalik futbolchi Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Albasete»ga qarshi bahsni ham o‘tkazib yuborgandi. O‘sha uchrashuvda «qirollik klubi» ikkinchi divizion vakiliga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 31 dekabr kuni madridliklar Mbappeda chap tizza bog‘lamlari cho‘zilishi aniqlanganini rasman ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng hujumchi faqatgina Ispaniya Superkubogi finalida «Barselona»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi va 76-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan edi. O‘sha bahs ham «Real» uchun 2:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakunlangandi.
Joriy mavsumda Kilian Mbappe barcha musobaqalar doirasida «Real» safida 25 ta uchrashuvda ishtirok etib, 29 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.