Mbappe «Real» murabbiylar shtabi a’zosi bilan janjallashib qoldi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe va jamoa murabbiylar shtabi a’zosi o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Voqea 24 aprel kuni bo‘lib o‘tgan «Betis»ga qarshi o‘yin (1:1) oldidan sodir bo‘lgan. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, fransiyalik forvard mashg‘ulot jarayonida «qaymoqranglilar» xodimlaridan biri bilan ziddiyatga borgan. Mbappe mashg‘ulot doirasidagi o‘yin vaqtida uning ofsaydda qolganini qayd etgan murabbiyga nisbatan «g‘azab bilan haqoratli so‘zlar» ishlatgan.
Joriy mavsumda Kilian Mbappe barcha turnirlar doirasida 41 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 41 ta gol va 6 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchining ayni damdagi bozor qiymati 200 million yevroni tashkil etmoqda.