Mbappe qarzni undirish uchun «PSJ» ofisiga sud ijrochilarini yubordi
7 fevral, juma kuni, sud ijrochilari «Real Madrid» hujumchisi Kilian Mbappening talabiga binoan «PSJ» ofisiga tashrif buyurishdi. Bunga Parij klubi futbolchiga to‘lanishi kerak bo‘lgan ta’til pullarini haligacha o‘tkazib bermagani sabab bo‘lgan. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, futbolchiga tegishli bo‘lgan jami 60,9 million yevroning 5,9 million yevrosi haligacha to‘lanmagan. Ushbu mablag‘ Mbappening yig‘ilib qolgan ta’til pullari hisoblanadi. Sud ijrochilarining tashrifidan maqsad — parijliklarga qarzdorlikni zudlik bilan qoplash haqidagi to‘lov bildirishnomasini topshirish bo‘lgan.
Agar «PSJ» Mbappe bilan hisob-kitobni amalga oshirmasa, sud sakkiz kun ichida klub mulkini xatlovga olishi mumkin.
Shuningdek, Fransiya terma jamoasi sardorining advokatlari qarzni jamoa hisob raqamlaridan majburiy tartibda undirib olish huquqiga ega. Klubning apellyatsiya berish uchun 19 fevralga qadar vaqti bor.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yilda Fransiya Professional futbol ligasi (LFP) «Real»ga o‘tgan forvardga 55 million yevro miqdoridagi maosh va bonuslarni to‘lab berish majburiyatini «PSJ» zimmasiga yuklagan edi. 2025 yil dekabr oyida esa Parij mehnat nizolari sudi klub futbolchiga ta’til pullarini hisobga olgan holda jami 60,9 million yevro to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqardi. Klubning sobiq futbolchisiga nisbatan kiritgan barcha moliyaviy e’tirozlari sud tomonidan to‘liq rad etilgan.