Mbappe: «Prestianni Vinisiusni besh marta «maymun» deb haqorat qildi! Besh marta!»
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe «Benfika»ga qarshi kechgan Chempionlar Ligasi pley-off uchrashuvidan (1:0) so‘ng, maydonda yuz bergan irqchilik mojarosi haqida keskin bayonot berdi.
Fransiyalik yulduz lissabonliklar vingeri Janluka Prestianni jamoadoshi Vinisius Juniorni bir necha bor haqorat qilganini tasdiqladi.
«Prestianni Vinisiusni besh marta «maymun» deb atadi! Besh marta! Men buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim va qulog‘im bilan eshitdim. U hech kim ko‘rmasligi va eshitmasligi uchun yuzini libosi (maykasi) bilan yopib oldi, biroq uning o‘yindan keyingi reaksiyasi, yuz ifodasi va xatti-harakatlari hammasini aytib turibdi. Uning yuzi yolg‘on gapirmaydi», — deya Mbappening so‘zlarini keltirmoqda Marca nashri.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning ikkinchi bo‘limida Vinisius Junior raqibini irqchilikda ayblagach, o‘yin bir muddat to‘xtab qolgan edi.