Mbappe jarohati sabab «Real» mashgʻulotlarini oʻtkazib yubordi
Madridning «Real» klubi hujumchisi Kilian Mbappe La Liganing 31-turidan o‘rin olgan «Jirona» bilan bahsda (1:1) olgan jarohati tufayli jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida ishtirok etmadi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Fransiyalik forvard «Jirona»ga qarshi o‘yinning 88-daqiqasida raqib jarima maydonchasi ichida Vitor Reys bilan to‘qnashuvda yuz qismidan zarba qabul qilib olgan va qoshini yordirib qo‘ygan edi.
Ta’kidlash joizki, o‘yin bosh hakami Xaver Alberola Roxas mazkur vaziyatda qoida buzilishini qayd etmadi va «qaymoqranglilar» foydasiga penalti belgilamadi.
Eslatib o‘tamiz, 15 aprel kuni «Real» Chempionlar Ligasi chorak final javob uchrashuvi doirasida «Bavariya»ni qabul qiladi. Dastlabki o‘yinda madridliklar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishgan edi.