Mbappe Dembele bilan munosabatlari yomonlashgani haqidagi gaplarga javob berdi
Fransiya terma jamoasi sardori Kilian Mbappe Usmon Dembele bilan munosabatlarida muammo paydo bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Futbolchining aytishicha, ular o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q va Dembele uning do‘sti bo‘lib qolmoqda. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
“Men bu haqda Dembele bilan gaplashdim. Hech qanday taranglik yo‘q, u mening do‘stim. Aslida hech qanday muammo mavjud emas”, — dedi Mbappe. Fransiyalik hujumchi milliy jamoa yig‘inlari arafasida bunday mavzular tez-tez muhokamaga aylanishini ham ta’kidladi.
Gap-so‘zlar Mbappening France Football’ga bergan intervyusidan so‘ng kuchaygan edi. Unda “Real” hujumchisi o‘zini faoliyatining ilk davridan “tanlangan futbolchi”, Dembeleni esa katta iste’dod egasi sifatida ko‘rilganini aytgandi. Keyinchalik Dembele ham bu fikrlarga javob qaytarib, faoliyati davomida hech qachon “tanlangan” sifatida qaralmaganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Mbappe va Dembele Fransiya terma jamoasining navbatdagi yig‘inida yana birga ishlaydi. Fransuzlar UEFA Millatlar ligasidagi navbatdagi uchrashuvini 25-sentabr kuni Turkiyaga qarshi o‘tkazadi.