Maykl Kerrik «MYU» tarixida dastlabki oltita uy oʻyinida gʻalaba qozongan ilk murabbiyga aylandi
Maykl Kerrik boshchiligidagi «Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasining 30-turida o‘z maydonida «Aston Villa»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Mazkur g‘alaba evaziga mutaxassis «qizil iblislar» tarixida «Old Trafford» stadionidagi dastlabki oltita uy uchrashuvining barchasida g‘alaba qozongan ilk murabbiyga aylandi.
Kerrikning mankunianliklar bosh murabbiyi sifatidagi ilk uy o‘yini 2021/2022 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi. O‘shanda jamoa vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan Kerrik qo‘l ostida «Arsenal»ni 3:2 hisobida taslim qilgan edi. Joriy mavsumda klubga qaytgan mutaxassis «Old Trafford»da «Manchester Siti» (2:0), «Fulhem» (3:2), «Tottenhem» (2:0), «Kristal Pelas» (2:1) va «Aston Villa» (3:1) ustidan zafar quchdi.
Angliya chempionati turnir jadvalida 54 ochko bilan uchinchi o‘rinda borayotgan «Manchester Yunayted» navbatdagi tur doirasida 20 mart kuni safarda «Bornmut» jamoasi bilan kuch sinashadi.