Maykl Kerrik Aleks Fergyusonning salomatligi haqida: «Umid qilamizki, natija uning ko‘nglini ko‘taradi»
«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik klubning sobiq ustozi Aleks Fergyusonning holati haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Avvalroq, shotlandiyalik mutaxassis Angliya Premer-ligasining 35-turi doirasidagi «qizil iblislar» hamda «Liverpul» (3:2) jamoalari o‘rtasidagi bahs oldidan tobi qochgani sababli shifoxonaga yotqizilgan edi.
«Bu xabar menga juda qattiq ta’sir qildi, faqat shuni ayta olaman. Umid qilamanki, uning holati yaxshi. Biz hammamiz uning tezroq sog‘ayib ketishini istaymiz va eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz. O‘ylaymanki, o‘yin natijasi uning kayfiyatini biroz ko‘taradi», — dedi Kerrik.
Eslatib o‘tamiz, Aleks Fergyuson 1986 yildan 2013 yilga qadar «Manchester Yunayted» jamoasini boshqargan. Uning qo‘l ostida klub 38 ta sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lib, ular orasida 13 ta APL chempionligi va 2 ta Chempionlar ligasi g‘olibligi mavjud.