Matteo Darmian “Bolonya” bilan kelishuvga erishdi
“Inter”ning sobiq himoyachisi Matteo Darmian faoliyatini “Bolonya”da davom ettirishga yaqin turibdi. 36 yoshli italiyalik futbolchi ayni paytda erkin agent maqomida bo‘lib, yangi klubi bilan shartnoma shartlarini kelishib oldi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Darmian “Bolonya” bilan 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan bir yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishgan. Klub tajribali himoyachini jarohat olgan Emil Holm o‘rniga tarkibga qo‘shishni rejalashtirmoqda. Holmning son mushagidagi jiddiy jarohat sabab 4–6 oy maydonga tusha olmasligi mumkin.
Darmian yozgi transfer oynasi yakunlanganidan keyin ham erkin agent bo‘lib qolgan edi. “Bolonya” uning tajribasi va himoyaning bir nechta pozitsiyasida o‘ynay olishini yuqori baholamoqda. Avvalroq italiyalik futbolchiga “Torino” va “Kalyari” ham qiziqish bildirgan edi.
Ma’lumot uchun, Darmian 2020–2026-yillar davomida “Inter” safida 218 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol va 13 ta assist qayd etdi. U milanliklar bilan 3 marta A Seriya, 3 marta Italiya kubogi va 3 marta Italiya Superkubogini qo‘lga kiritgan. 2026-yil 30-iyunda uning “Inter” bilan shartnomasi yakunlangan.