Mateta «Kristal Pelas» bilan shartnomasini bekor qilish bo‘yicha FIFA'ga murojaat etdi
«Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filipp Mateta klub bilan amaldagi shartnomasining so‘nggi yili haqiqiy emasligini ta'kidlab, masala yuzasidan FIFA'ga murojaat qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 29 yoshli fransiyalik futbolchi «Kristal Pelas» bilan kelishuvi so‘nggi 10 oyini haqiqiy emas deb topishni talab qilmoqda. Matetaning amaldagi shartnomasi 2027 yil iyunigacha amal qiladi.
Hujumchi 2021 yilda «Maynz»dan «Kristal Pelas»ga dastlab ijara asosida ko‘chib o‘tgan. 2022 yil yanvar oyida London klubi futbolchining transfer huquqlarini to‘liq sotib oldi va u bilan 4,5 yillik shartnoma imzoladi.
Biroq Mateta qo‘shimcha bir yillik shartnoma bandi haqiqiy emas, deb hisoblamoqda. Uning ishi avval Premier-liga qoidalari doirasida mustaqil tribunal tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Shundan so‘ng Mateta FIFA'ga murojaat qildi. Ammo tashkilot joriy haftada ushbu masala FIFA yurisdiktsiyasiga kirmasligi haqida qaror chiqardi.
Mateta 2021 yildan buyon «Kristal Pelas» sharafini himoya qilib kelmoqda. U London klubi safida 67 ta gol urgan. Fransiyalik hujumchi jamoa bilan Angliya Kubogi va Konferensiyalar ligasida g‘olib chiqqan.