Mashhur Gollivud aktyori yangi filmda Kroyff rolini ijro etadi
Gollivud aktyori Jeyms Franko bolgariyalik futbol afsonasi Xristo Stoichkov haqidagi yangi filmda “Barselona” afsonasi Yohan Kroyff obrazini gavdalantiradi. Kartina “Stoichkov — Bir vaqtlar Bolgariyada” deb nomlanadi. Bu haqda film ijodkorlari ma’lum qildi.
Filmda Kroyffning Stoichkov faoliyatidagi eng muhim davrlardan biriga ta’siri aks ettiriladi. Aynan niderlandiyalik mutaxassis bolgariyalik futbolchiga katta Yevropa futboliga yo‘l ochib, uning “Barselona”dagi muvaffaqiyatli faoliyatida muhim rol o‘ynagan.
Loyihada yana bir mashhur Gollivud aktyori Jim Kavizel ham ishtirok etadi. U Stoichkovning SSKAdan “Barselona”ga transferida muhim rol o‘ynagan futbol agenti Xose Mariya Mingelya obrazini ijro etadi. Bu Bolgariya kino loyihasida bir vaqtning o‘zida ikki taniqli Gollivud aktyori qatnashayotgan ilk holat ekani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, film Stoichkovning futbolga ilk qadamlaridan boshlab “Barselona”dagi muvaffaqiyatlari, 1994-yilgi jahon chempionati va “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishigacha bo‘lgan faoliyatini yoritadi. Film Bolgariya va boshqa mamlakatlarda suratga olinmoqda, xalqaro auditoriya uchun esa “Stoichkov — Against All Odds” nomi bilan taqdim etiladi.