Mashhur fransiyalik futbolchi zoʻravonlikda ayblanmoqda
Dimitri Paye atrofida navbatdagi mojaro avj oldi. Avvalroq «Vest Hem» va «Marsel» safida to‘p surgan fransiyalik vinger 2023–2025 yillarda Braziliyaning «Vasko da Gama» klubi sharafini himoya qilgan edi. Endilikda futbolchi yana jiddiy ayblovlar markazida qolmoqda.
Futbolchining sobiq sevgilisi ularning Braziliyadagi munosabatlari davomida jismoniy, ruhiy va jinsiy bosimga uchraganini ma’lum qildi. Bu haqda Britaniyaning The Sun nashri xabar bermoqda.
Ayblovlarni ilgari surgan Larissa Ferrari — advokat va inflyuenserning so‘zlariga ko‘ra, u Paye bilan 2023 yilda ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan. Dastlab futbolchi o‘zini g‘amxo‘r tutgan, biroq vaqt o‘tishi bilan uning xatti-harakati o‘zgargan: u har bir qadamni nazorat qila boshlagan va kamsituvchi munosabat ko‘rsatgan. Ferrari 2024 yil aprel oyida Braziliya politsiyasiga murojaat qilib, futbolchi unga nisbatan zo‘ravonlik qilganini bildirgan.
Shuningdek, ayol Paye uni xo‘rlovchi harakatlarga majburlagani va yonida ushlab qolish uchun «psixologik manipulyatsiyalar»dan foydalanganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, futbolchi o‘z aloqalarini ataylab ko‘z-ko‘z qilgan, ko‘plab munosabatlari bilan maqtangan, haqorat va jazolarga yo‘l qo‘ygan. Bundan tashqari, Ferrari Payedan homilador bo‘lganini, biroq keyinchalik bolasini yo‘qotganini ham da’vo qilmoqda.
Dimitri Paye esa o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda. Ayni paytda futbolchi 2025 yil yozida «Vasko da Gama» bilan shartnomasi yakunlangach, klubsiz qolgan.