Mashgʻulot — gʻalabaning boshi yohud Andijonning xorij yigʻini boshlandi
Jamoamiz yangi mavsumga tayyorgarlik yoʻlida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Antaliya shahridagi oʻquv-mashgʻulot yigʻini boshlandi. Quyoshli iqlim, zamonaviy infratuzilma va yuqori darajadagi maydonlar — barchasi jamoaning jismoniy va ruhiy jihatdan mukammal tayyorgarlik koʻrishi uchun xizmat qiladi.
Oldin xabar berib oʻtganimizdek, jamoamizning mazkur tayyorgarlik rejasi uch bosqichda oʻtkaziladi: uning dastlabki 7-21-yanvarga moʻljallangan. Jamoamizning Antaliyadagi umumiy tayyorgarlik bosqichi 18-fevralgacha davom etadi.
Ushbu yigʻin — shunchaki mashgʻulotlar majmuasi emas. Bu yangi mavsumga aniq maqsad, yuqori talab va jamoaviy intizom bilan kirib borishning muhim bosqichidir. Antaliyada oʻtkaziladigan har bir kun, har bir mashq, har bir qaror kelajak oʻyinlarda oʻz samarasini berishiga ishonamiz.
Yigʻin davomida jamoa jismoniy tayyorgarlikni oshirish, taktik jihatlarni takomillashtirish va oʻzaro uygʻunlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratadi. Shuningdek, bir qator nazorat uchrashuvlari orqali yigʻinning amaliy natijalari tekshirib boriladi.
Antaliya yigʻini — yangi mavsum oldidan jamoamizning haqiqiy qiyofasini shakllantiradigan davr. Bu yerda qoʻyilgan poydevor butun mavsum davomidagi natijalarga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
“Andijon” Samvel Babayan boshchiligida qoʻyilgan jiddiy vazifa uchun jiddiy tayyorgarlik jarayoniga kirishdi. Endilikda kuniga ikki mahaldan kuchaytirilgan tarzda mashgʻulotlar olib boriladi.
Bugun dastlabki mashgʻulotdan avval bosh murabbiy jamoa aʼzolariga bu yilgi vazifa jiddiyligini, tayyorgarlik ham shunga yarasha olib borilishini taʼkidlab motivatsiyaga boy soʻzlarni aytdi va ayniqsa, tartib-intizom, hurmat va albatta mehnat asosiy mezon sifatida baholanmoqda.
Ilk mashgʻulotning birinchisi trenajyor zalida va ikkinchisi maydonda boʻlib oʻtdi. Darvoqe, Ashortia tarkibga qoʻshildi.
Yangi maqsadlar, yangi chaqiriqlar va
katta ishtiyoq bilan boshlangan yigʻin jamoamiz uchun omadli boʻlishiga ishonamiz.
Biz esa barcha jarayonlarni muxlislar bilan baham koʻrib boramiz",-deb yoziladi klub rasmiy sahifasida.