Marselo Messi va Ronaldu o‘rtasida tanlov qildi
“Real Madrid”ning sobiq himoyachisi Marselo Viyera Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi tanlovda portugaliyalik sobiq jamoadoshini afzal ko‘rdi. Braziliyalik futbol afsonasi savolga uzoq o‘ylanmasdan Ronaldu foydasiga javob berdi. Bu haqda “Si Somos Gemelos” sahifasi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Marselodan Messi yoki Ronaldu — qaysi birini tanlashi so‘ralgan. Sobiq himoyachi bunga: “Krishtianu — o‘lgunimcha!” deya javob bergan. Marselo va Ronaldu “Real Madrid” safida to‘qqiz mavsum davomida birga to‘p tepgan.
Marselo avval ham ikki futbolchiga yuqori baho bergan. U Messini maydonda qarshi o‘ynash eng qiyin bo‘lgan futbolchilardan biri deb atagan bo‘lsa-da, shaxsiy tanlovda Ronalduga ustunlik berishini, bunga ular uzoq yillar bir jamoada o‘ynagani ham ta’sir qilishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Marselo “Real Madrid” safida 546 ta uchrashuv o‘tkazib, 38 ta gol urgan va klub bilan 25 ta sovrin, jumladan 5 ta Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan. Krishtianu Ronaldu esa madridliklar safida 438 o‘yinda 451 ta gol urgan. Marselo va Ronaldu “Real” tarkibida jami 332 ta uchrashuvda birga maydonga tushgan.