«Marsel» Xeyberg bo‘yicha «Beshiktosh»dan kelgan 10 million yevrolik taklifni rad etdi
Fransiyaning «Marsel» klubi Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Pyer-Emil Xeybyergni sotib olish borasida Turkiyaning «Beshiktosh» jamoasi tomonidan berilgan taklifni rad etdi. Bu haqda nufuzli L’Équipe nashri xabar tarqatdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, Istanbul klubi 29 yoshli futbolchi uchun taxminan 10 million yevro taklif qilgan. Qayd etilishicha, ushbu yozgi transfer oynasida daniyalik xavbekning «Olimpik»ni tark etish ehtimoli juda yuqori. Sababi, provansalliklar UEFAning moliyaviy reglamenti (feyr-pley) cheklovlariga sig‘ish uchun bir qator yetakchi ijrochilarni sotishga majbur bo‘lmoqdalar.
Pyer-Emil Xeybyerg Daniya futboli tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U professional faoliyati davomida «Bavariya», «Augsburg», «Shalke», «Sautgempton» va «Tottenhem» kabi klublarda to‘p surgan. Yarim himoyachi 2024-yilning yozida «Tottenhem»dan ijara asosida «Marsel»ga o‘tgan edi, o‘tgan yili esa klub bilan 2028-yilning yozigacha mo‘ljallangan to‘liq huquqli shartnoma imzolagan.