“Marsel” “Vest Hem” himoyachisi Jan-Kler Todiboni o‘z safiga qo‘shmoqchi
Fransiyaning “Marsel” klubi “Vest Hem” markaziy himoyachisi Jan-Kler Todibo transferi ustida faol ishlamoqda. Foot Mercato ma’lumotiga ko‘ra, Liga 1 vakili 26 yoshli futbolchini yozgi transfer oynasida o‘z safiga qo‘shishni maqsad qilgan.
Manbaga ko‘ra, “Marsel” Todiboning o‘zi bilan og‘zaki kelishuvga erishgan. Endi fransuz klubi transferni amalga oshirish uchun “Vest Hem” bilan muzokara olib borishi va bitimning moliyaviy shartlari bo‘yicha kelishib olishi kerak.
Todibo o‘tgan klub mavsumida “Vest Hem” safida barcha musobaqalarda 25 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, fransiyalik himoyachining bozor qiymati 22 million yevroga baholanmoqda.
Faoliyati davomida Todibo “Tuluza”, “Barselona”, “Shalke-04”, “Benfika” va “Nitssa” klublarida ham to‘p tepgan. Hozircha “Marsel” va “Vest Hem” o‘rtasida yakuniy kelishuvga erishilmagan, biroq futbolchining o‘zi bilan og‘zaki kelishuv mavjudligi transfer jarayonini tezlashtirishi mumkin.