«Marsel» kelasi mavsumda yangi logotip ostida harakat qiladi — foto
Fransiyaning «Marsel» klubi 2026/2027 yilgi mavsumdan boshlab foydalaniladigan yangi logotipini rasman tanishtirdi. Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu ramz jamoa tarixini zamonaviy vizual ko‘rinish bilan uyg‘unlashtirish borasidagi uzoq yillik izlanishlar mahsulidir.

Yangi logotip jamoa o‘tmishidagi bir necha muhim davrlarni o‘zida mujassam etgan. Unda 1973 yilgi logotipdan ilhomlangan oq halqa, klubga asos solingan 1899 yildagi ramzdan olingan «M» harfi tuzilishi, shuningdek, 1986 yilgi timsoldagi dinamik chiziqlar va 1993 yilgi mashhur qo‘shaloq halqa elementlari qayta ishlangan holda birlashtirilgan.
Vizual o‘zgarishlar bilan bir qatorda, «Marsel» o‘zining rasmiy veb-sayti butunlay yangilanganini ham e’lon qildi. Yangi portal muxlislar bilan yanada yaqinroq aloqa o‘rnatish uchun zamonaviy va qulay interfeysga ega bo‘ldi. Klub rahbariyati ushbu yangilanishlar jamoaning boy tarixiga asoslangan mustahkam poydevor bo‘lishini va kelgusi rivojlanish bosqichlarida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlamoqda.