Markus Reshford \"Barselona\" bilan xayrlashdi
Angliyalik hujumchi Markus Reshford ijara muddati yakunlangach, "Barselona"ni tark etayotganini rasman e’lon qildi. Futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali kataloniyalik muxlislar va klubga minnatdorlik bildirdi.
Reshford o‘z murojaatida "Barselona" safida o‘tkazgan davrini faoliyatidagi unutilmas sahifalardan biri deb atadi.
"Bu klubda o‘tkazgan vaqtimni hech qachon unutmayman. Jamoadoshlarim, murabbiylar shtabi va muxlislarga meni o‘z oilasidek qabul qilgani uchun katta rahmat. Sizlarning qo‘llab-quvvatlashingizni doimo his qildim. "Barselona"ga kelajakda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", — dedi Reshford.
28 yoshli futbolchi 2025/26-yilgi mavsumni "Barselona"da ijara asosida o‘tkazdi. U jamoa safida 47 ta uchrashuvda maydonga tushib, 14 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Mavsum yakunida kataloniyaliklar futbolchini to‘liq sotib olish huquqidan foydalanmadi va Reshford "Manchester Yunayted"ga qaytdi.