Marko Verratti moliyaviy qoidalarni buzgani uchun Italiyada jarimaga tortildi
Qatarning «Al-Duhayl» klubi yarimhimoyachisi, Italiyaning «Peskara» klubi hammuassisi hisoblangan Marko Verratti Italiya futbol federatsiyasining moliyaviy qoidalarini buzgan shaxslardan biri boʻlib chiqdi. Bu haqda Calcio e Finanza nashri xabar bermoqda.
Manbaning xabariga koʻra, Italiya Federal sudi «Peskara» prezidenti Daniele Sebastiani, shuningdek, klubga egalik qilish va uni boshqarishga aloqador boʻlgan bir nechta shaxslarga, jumladan, Italiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Marko Verratti va uning rafiqasi Jessika Aidiga nisbatan sanksiyalar qoʻlladi. Jazo chorasi sifatida 9 mingdan 20 ming yevrogacha boʻlgan miqdorda jarimalar belgilandi.
Ushbu qaror FIGC tomonidan belgilangan shaffoflikni taʼminlash boʻyicha majburiyatlarga rioya qilinmaganligi bilan bogʻliq. Marko Verratti klubdagi ulushni sotib olganidan keyin, yangi aksiyadorlarning moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlar, federal hokimiyat organlarining eslatmasiga qaramay, belgilangan muddatlarda tegishli komissiyaga taqdim etilmagan.
Yakunlangan mavsum natijalariga koʻra, «Peskara» jamoasi Seriya B turnir jadvalida oxirgi, 20-oʻrinni egalladi.