Mark Kasado faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi (PIF) «Barselona»ning yosh iqtidori Mark Kasadoni kelasi mavsumda mahalliy chempionatga jalb etilishi lozim bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatiga kiritdi. Mundo Deportivo nashrining 365Scores portaliga tayanib xabar berishicha, arab tomoni 22 yoshli yarimhimoyachining transferi bo‘yicha jiddiy harakatlarni boshlagan.
Ma’lum qilinishicha, yaqin kunlarda PIF vakillari futbolchining yaqin atrofidagilar bilan uchrashuv tashkil etishni va uning Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishga tayyorligini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Saudiya tomoni Kasadoning transferi uchun 40 million yevro to‘lashga tayyor.
Ta’kidlanishicha, ushbu miqdordagi mablag‘ «Barselona»ning ayni damdagi murakkab moliyaviy holatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.
Mark Kasado joriy mavsumda kataloniyaliklar safida barqaror o‘yin namoyish etib kelmoqda. U barcha turnirlarda jami 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Futbolchining «ko‘k-anorranglilar» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali Kasadoning ayni damdagi bozor qiymatini 25 million yevroga baholamoqda.