Mark Gehi faoliyatini «Man Siti»da davom ettirishi mumkin
«Kristal Pelas» klubi markaziy himoyachisi Mark Gehi faoliyatini «Manchester Siti»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, «shaharliklar» rahbariyati 25 yoshli Angliya milliy jamoasi futbolchisini mudofaa chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
«Liverpul»ga yozgi transfer amalga oshmay qolgach, Gehi London klubi bilan 2026 yil 30 iyungacha amal qiladigan shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgan. Futbolchi jamoasini o‘zgartirishga tayyor, «Siti» esa uning vaziyatini anchadan beri kuzatib kelmoqda.
«Manchester Siti»da himoya chizig‘ini jiddiy yangilash rejalashtirilgan. Shu sababli Gehi uzoq muddatli loyiha uchun mos variant sifatida baholanmoqda. O‘z navbatida, «Kristal Pelas» rahbariyati futbolchining bepul ketib qolishining oldini olish maqsadida uni qishki transfer oynasidayoq sotib yuborish variantini ham istisno etmayapti. Zero, futbolchiga bir nechta top-klublar qiziqish bildirmoqda.
Joriy mavsumda Mark Gehi barcha musobaqalarda 25 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifi bo‘lgan. Transfermarkt portali himoyachining bozor qiymatini 55 million yevroga baholamoqda.