Mareska: «Palmer har kuni oʻzini turlicha his qilmoqda»
«Chelsi» bosh murabbiyi Enzo Mareska jamoa yetakchilaridan biri Koul Palmerning jarohati bilan bog‘liq vaziyat haqida fikr bildirdi.
«Gap chov sohasidagi muammo haqida ketmoqda. Umid qilamanki, bu butun mavsum davomida bizni qiynamaydi, ammo hozircha kuzatishda davom etamiz. Ba’zi kunlari u o‘zini yaxshi his qiladi, ba’zida esa yomon. Masalan, “Lids”ga qarshi o‘yindan keyingi kuni ahvoli juda og‘ir edi va atigi yarim soat o‘ynadi. “Bornmut” bilan uchrashuvdan so‘ng esa o‘zini yaxshi his qildi va bir soat maydonda bo‘ldi. Bu holatning aniq mantig‘i yo‘q — u har kuni o‘zini turlicha his qilmoqda», — dedi Mareska BBC nashriga bergan intervyusida.
Joriy mavsumda Koul Palmer «Chelsi» safida barcha musobaqalarda 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol muallifiga aylangan.
Futbolchining London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2033 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portaliga ko‘ra, Palmerning hozirgi bozor qiymati 120 mln yevroni tashkil etadi.