Maradona “Xudoning qo‘li” golini urgan to‘p auksionda 3,35 million dollarga sotildi
Diego Maradona 1986-yilgi Jahon chempionatida Angliyaga qarshi “Xudoning qo‘li” nomini olgan mashhur golni urgan to‘p auksionda 3,35 million dollarga sotildi. Savdolar AQShdagi Heritage Auctions auksion uyida o‘tkazilgan.
Gap Argentina va Angliya o‘rtasidagi JCh-1986 chorak final uchrashuvida foydalanilgan Adidas Azteca to‘pi haqida ketmoqda. Aynan shu to‘p bilan Maradona dastlab qo‘li yordamida bahsli gol urgan, oradan to‘rt daqiqa o‘tib esa yakka yurishdan so‘ng yana bir gol kiritgan.
Auksiondagi lotning boshlang‘ich narxi 2,5 million dollarni tashkil etgan. Tashkilotchilar tarixiy to‘p uchun 10 million dollargacha mablag‘ tushishini kutishgan, biroq yakuniy narx bu ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 1986-yilgi chorak final Argentina terma jamoasining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Maradona ushbu uchrashuvda ikkala golni ham urgan va keyinchalik Argentina turnir g‘olibiga aylangan.