Manuel Noyer safga qaytdi va «Real»ga qarshi oʻyinda maydonga tushishi mumkin
Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Manuel Noyer chap boldir mushagidagi jarohatidan so‘ng to‘liq tiklandi. Germaniyalik posbon Chempionlar ligasi 1/4 finali doirasida Madridning «Real» klubiga qarshi bo‘lib o‘tadigan bahsda (7 aprel) maydonga tushishi mumkin. Bu haqda Bild nashriga tayanib, Bayern & Germany xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, darvozabon jarohatdan so‘ng ilk bor Bundesliganing 28-turi doirasidagi «Frayburg»ga qarshi o‘yinda (4 aprel) maydonga tushishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, myunxenliklarning ikkinchi darvozaboni Yonas Urbig ham tez orada o‘ng tizzasidagi jarohatini davolab bo‘ladi va «qaymoqranglilar» bilan bo‘ladigan uchrashuvga tayyor holatga keladi.
Joriy mavsumda Noyer klub miqyosida barcha turnirlar doirasida 29 ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z darvozasidan 27 ta gol o‘tkazib yubordi va 10 ta uchrashuvda «nol»ga o‘ynadi (darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi).