Manuel Noyer JCh–2026'da Germaniya terma jamoasiga qaytadi — Plettenberg
Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Manuel Noyer Germaniya terma jamoasi safiga qaytadi hamda AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Insayder Florian Plettenbergning xabar berishicha, milliy terma jamoa bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann bu borada yakuniy qarorga kelgan.
40 yoshli tajribali posbon, agar kutilmagan favqulodda holat yuz bermasa va uning «Kyoln»ga qarshi oʻyinda (5:1) boldir mushagidan olgan jarohati jiddiy oqibatlarga olib kelmasa, Germaniyaning JCh uchun yakuniy qaydnomasidan joy oladi.
Nagelsmann soʻnggi haftalarda oʻtkazilgan shaxsiy muzokaralardan soʻng ushbu qarorni terma jamoa sport direktori Rudi Fyoller bilan ham kelishib olgan. Eslatib oʻtamiz, Noyer 2024 yilning 21 avgustida xalqaro faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi.
Germaniya terma jamoasining jahon chempionati uchun yakuniy tarkibi shu hafta payshanba kuni, ya’ni 21 mayda rasman e’lon qilinadi.