Manuel Noyer Jahon chempionatida maydonga tushgan Germaniya terma jamoasi tarixidagi eng yoshi katta futbolchiga aylandi
Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining 1-turidan oʻrin olgan Kyurasaoga qarshi uchrashuvda maydonga tushdi. Shu tariqa, u nemislar tarixida Yevropa va Jahon chempionatlarida ishtirok etgan eng yoshi katta futbolchi sifatida qayd etildi. Bu haqda Opta Sport xabar bermoqda.
Kyurasaoga qarshi bahs kuni Noyer 40 yoshu 79 kunlik edi. Bungacha yirik turnirlarda «bundestim» safida maydonga tushgan eng yoshi katta futbolchi Lotar Matteus hisoblanardi. U Yevro-2000 musobaqasining Portugaliyaga qarshi oʻyinida 39 yoshu 91 kunlikligida qatnashgan edi.
Guruh bosqichining 2-turida Germaniya terma jamoasi Kot-d'Ivuar bilan (20-iyun), 3-turda esa Ekvador bilan (25-iyun) kuch sinashadi. Kyurasao esa 2-turda Ekvador (21-iyun), uchinchi turda esa Kot-d'Ivuar (25-iyun) bilan toʻqnash keladi.
Maʼlumot uchun, guruh bosqichi uchrashuvlari 11-iyundan 27-iyungacha davom etadi. Jamoalar oʻzaro bir davrali tizimda (har biri uchtadan oʻyin) bahs olib borishadi. Pley-off bosqichiga har bir guruhdan ikkitadan eng yaxshi jamoa hamda uchinchi oʻrinni egallagan eng yaxshi 8 ta terma jamoa yoʻl oladi.