Manuel Noyer faoliyatini yakunlash ehtimoli haqida fikr bildirdi
“Bavariya” darvozaboni Manuel Noyer futbolchilik faoliyatini 2027-yil yozida yakunlashi mumkinligi haqidagi savolga javob berdi. 40 yoshli germaniyalik posbon hozircha yakuniy qaror qabul qilmaganini va kelajagi borasida shoshilmasligini ta’kidladi.
Noyerning aytishicha, u avvalo yangi mavsumni yuqori saviyada o‘tkazib, jamoa bilan eng katta maqsadlar uchun kurashishni istaydi. Darvozabon mavsum yakunlangach, vaziyatga qarab keyingi faoliyati borasida qaror qabul qilishini bildirgan.
“Bavariya” yaqinda “RB Leypsig”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Noyer ushbu bahsdan keyin jamoaning holatini ijobiy baholab, futbolchilar mavsumoldi tayyorgarligida yaxshi formada ekanini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, Manuel Noyerning “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil 30-iyungacha mo‘ljallangan. O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta bahsda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.