Manuel Noyer ‘‘Bavariya’’ tarixidagi rekordni yangilashi mumkin
Myunxenning ‘‘Bavariya’’ klubi darvozaboni Manuel Noyer Germaniya Bundesligasida yangi tarixiy rekord o‘rnatishga yaqin turibdi. 40 yoshli futbolchi 17-oktabr kuni ‘‘Leypsig’’ga qarshi uchrashuvda maydonga tushsa, klub tarixida Bundesligada o‘ynagan eng keksa futbolchiga aylanadi. Bu haqda ‘‘Bavariya’’ rasmiy sayti xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Noyer uchrashuv kuni 40 yosh-u 204 kunlik bo‘ladi va klubning sobiq darvozaboni Bernd Drexerga tegishli rekordni yangilaydi. Drexer 2007-yil 19-may kuni ‘‘Mayns’’ga qarshi bahsda 40 yosh-u 198 kunligida maydonga tushgan va shu paytgacha mazkur natija bo‘yicha rekordchi bo‘lib kelgan. Shuningdek, Noyer ‘‘Leypsig’’ga qarshi o‘tkazgan 14 ta rasmiy uchrashuvning birortasida mag‘lubiyatga uchramagan.
Mazkur uchrashuv ‘‘Bavariya’’ning yana bir yulduzi Harri Keyn uchun ham alohida ahamiyatga ega. Angliyalik hujumchi maydonga tushsa, Bundesligadagi 100-uchrashuvini o‘tkazadi. Keyn hozirgacha Germaniya chempionatida 101 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan va dastlabki 100 ta o‘yinda eng ko‘p gol kiritgan futbolchi sifatida tarixga kirishga yaqin turibdi. Shuningdek, u ‘‘Leypsig’’ga qarshi avvalgi beshta Bundesliga uchrashuvida yettita gol muallifiga aylangan.
Ma’lumot uchun, ‘‘Bavariya’’ Bundesligadagi so‘nggi 14 ta uy uchrashuvida mag‘lubiyatga uchramagan. ‘‘Leypsig’’ esa chempionat doirasidagi oxirgi to‘rtta safar o‘yinida imkoniyatni boy bergan. Jamoalarning Myunxendagi avvalgi uchrashuvi ‘‘Bavariya’’ning 6:0 hisobidagi yirik g‘alabasi bilan yakunlangan. Noyer esa Bundesligadagi ketma-ket 48 ta uchrashuvda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.