Manuel Noyer «Bavariya» bilan yangi shartnoma shartlarini kelishib oldi
Myunxenning «Bavariya» klubi darvozaboni Manuel Noyer jamoa bilan hamkorlikni uzaytirishga juda yaqin turibdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlardagi Bayern & Germany sahifasi xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, 40 yoshli tajribali posbon Myunxen klubi bilan yangi mehnat shartnomasi shartlarini to‘liq kelishib olgan. Yangi kelishuvga ko‘ra, Noyer jamoaning asosiy darvozaboni maqomini saqlab qoladi, biroq uning o‘rinbosari Yonas Urbigga kelgusi mavsumda ko‘proq o‘yin amaliyoti taqdim etiladi.
Ushbu kelishuvning muhim jihati shundaki, Noyer Urbig uchun o‘ziga xos ustoz vazifasini o‘taydi va murabbiylar shtabiga yosh darvozabondan munosib voris tayyorlashda yaqindan ko‘maklashadi. Ta’kidlanishicha, bunday tartib har ikki posbonni ham to‘liq qoniqtiradi. Manuel Noyerning yangi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar amal qilishi ko‘zda tutilgan.
Joriy mavsumdagi statistik ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Noyer «Bavariya» safida barcha turnirlar doirasida 35 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Mazkur o‘yinlarda u o‘z darvozasidan 38 ta gol olib chiqdi va 11 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.