Mane eng yaxshi futbolchi, Bunu eng yaxshi darvozabon — Afrika Millatlar Kubogining eng yaxshilari aniqlandi
Marokashda 2026-yilgi Afrika millatlar kubogi yakuniga yetdi. Turnir natijalariga ko‘ra, Senegal terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi bor musobaqa chempioniga aylandi. Taqdirlash marosimi chog‘ida Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) turnirning eng yaxshilariga individual sovrinlarni topshirdi.
Musobaqaning eng yaxshi darvozaboni deb 34 yoshli marokashlik Yassin Bunu e’tirof etildi. U turnirdagi barcha yetti uchrashuvda maydonga tushib, atigi ikki gol o‘tkazib yubordi va besh o‘yinda darvozasini daxlsiz saqladi. Shuningdek, Bunu bitta o‘yinda penaltilar seriyasida g‘alaba qozondi.
Afrika millatlar kubogining eng yaxshi futbolchisi Senegal terma jamoasi vingeri Sadio Mane bo‘ldi. 33 yoshli hujumchi yetti uchrashuvda ikki gol urdi va ikkita golli uzatmaga mualliflik qildi.
Turnirning eng yaxshi to‘purari sovrini Marokash terma jamoasi hujumkor yarimhimoyachisi Braim Diasga nasib etdi. U musobaqa davomida yetti o‘yinda besh bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi.
Bundan tashqari, FIFA feyr-pley mukofotini Marokash terma jamoasiga topshirdi.