“Manchester Yunayted” va “Tottenhem” Tresoldiga qiziqmoqda
Angliya Premyer-ligasining “Manchester Yunayted” va “Tottenhem” klublari “Bryugge” hujumchisi Nikolo Tresoldiga qiziqish bildirmoqda. Har ikki klub vakillari 22 yoshli futbolchini Chempionlar ligasida “Aston Villa”ga qarshi uchrashuvda bevosita kuzatgan. Bu haqda TEAMtalk xabar berdi.
Tresoldi mazkur bahsda “Bryugge”ning gollaridan birini penaltidan urdi, biroq Belgiya klubi 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “Tottenhem” futbolchini hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun jiddiy variantlardan biri sifatida ko‘rmoqda. “Manchester Yunayted” esa uni kelajak uchun istiqbolli hujumchi sifatida kuzatmoqda.
Germaniya U-21 terma jamoasi futbolchisi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 23 ta gol urgan. Uning o‘yinlari avvalroq “Barselona”ning ham e’tiborini tortgan. Joriy mavsumda esa Tresoldi 7 ta uchrashuvda 5 ta gol qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Tresoldining bozor qiymati 25 million yevro atrofida baholanmoqda. Ayrim manbalarga ko‘ra, “Bryugge” futbolchi uchun 45–50 million yevro talab qilishi mumkin.