«Manchester Yunayted» Sheshkoga raqobatchi qidirmoqda
«Manchester Yunayted» klubi hujum chizig‘ida Benyamin Sheshkoga munosib raqobatchi bo‘la oladigan va zarurat tug‘ilganda uning o‘rnini to‘liq bosa oladigan yangi forvard qidirish ustida faol ish olib bormoqda. Bu haqda Caught Offside nashri xabar tarqatdi.
Mankunianliklarning ushbu yo‘nalishdagi asosiy nishoni «Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimxen bo‘lib turibdi. Biroq, klub rahbariyati ushbu transferni amalga oshirish moliyaviy tomonlama ancha qiyin bo‘lishini yaxshi tushunib turibdi. Shu bois, «qizil iblislar» Osimxenga muqobil variant sifatida Jan-Filipp Mateta («Kristal Pelas»), Dushan Vlaxovich («Juventus»), Eli Krupi («Bornmut») hamda «Barselona»ni tark etayotgan Robert Levandovskilar nomzodini ko‘rib chiqmoqda.
Qayd etilishicha, yangi hujumchi transferi ko‘p jihatdan Markus Reshfordning sotilishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar Reshford jamoada qoladigan bo‘lsa, tarkibga yangi ijrochini qo‘shib olish ancha murakkablashadi.
Malumot uchun, Viktor Osimxenning ayni damdagi transfer bahosi 75 million yevroga baholanmoqda. Nigeriyalik forvard yakunlangan mavsumda barcha turnirlar doirasida 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.