“Manchester Yunayted” Martines bilan xayrlashishi mumkin
“Manchester Yunayted” himoyachisi Lisandro Martinesning klubdagi kelajagi so‘roq ostida qoldi. Argentinalik futbolchining jamoa rahbariyatini ochiq tanqid qilganidan so‘ng uning shartnomasi uzaytirilishiga shubha paydo bo‘lgan. Bu haqda Sky Sports News xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Martinesning amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakunlanadi. Klubda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud bo‘lsa-da, rahbariyat hozircha bu borada yakuniy qarorga kelmagan. Futbolchining keskin bayonotlari esa uning jamoadagi mavqeiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Martines yaqinda klub sport direktori Jeyson Uilkoksni transfer siyosati uchun tanqid qilgan edi. Himoyachining fikricha, jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashishi uchun tarkibni yetarlicha kuchaytirmagan. Endilikda “Manchester Yunayted” kelgusi transfer oynalarida yangi markaziy va chap qanot himoyachilarini izlashni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, Lisandro Martines 2022-yilda Amsterdamning “Ayaks” klubidan “Manchester Yunayted”ga transfer qilingan. Argentinalik futbolchi 2022-yilda jahon chempioniga aylangan. Klub rahbariyati uning so‘nggi bayonotlari uchun intizomiy chora qo‘llash masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.