«Manchester Yunayted» Manuel Ugarteni sotib yubormoqchi
«Manchester Yunayted» klubi tayanch yarimhimoyachisi Manuel Ugarteni sotishga tayyor. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, ingliz klubi Urugvay terma jamoasi a’zosini «PSJ»dan sotib olish uchun 50 million funt sterling sarflagan edi, biroq bu transfer kutilgan natijani bermadi.
Ugarte jamoadagi ikkinchi mavsumida asosan rotatsiya o‘yinchisiga aylanib qoldi. U Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida atigi 7 ta o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. «Yunayted» rahbariyati kelayotgan yozda yarimhimoyachi bilan xayrlashishga qarshi emas. Hatto jamoaning yana bir tayanch yarimhimoyachisi Kazemiro klubni tark etayotgan bo‘lsa-da, Ugartening ketishi kun tartibidan tushmagan. Ayni paytda futbolchiga Turkiya va Italiya klublari qiziqish bildirmoqda.
Ma’lumot uchun, Manuel Ugarte 2024 yilning yozidan buyon mankunianliklar sharafini himoya qilib kelmoqda. U joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 23 ta uchrashuvda maydonga tushdi, biroq samarali harakatlarni amalga oshira olmadi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.