«Manchester Yunayted» Harri Maguayrga yangi shartnoma taklif qilmoqchi
«Manchester Yunayted» himoyachisi Harri Maguayr faoliyatini «Old Trafford»da davom ettirishi mumkin. Daily Mail nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, mankunianliklar shu yozda shartnomasi yakuniga yetadigan futbolchi bilan hamkorlikni uzaytirishni rejalashtirmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, klub rahbariyati sobiq sardorga yangi bitim taklif qilishga tayyor, biroq moliyaviy shartlar o‘zgarishi kutilmoqda. Ayni damda Maguayr haftasiga 180 ming funt sterling (206 ming yevro) maosh oladi. Yangi shartnomada ushbu raqamlar boshqacha ko‘rinish olishi mumkin.
Harri 2018/2019 yilgi mavsumdan buyon «qizil iblislar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda 32 yoshli himoyachi barcha musobaqalarda 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol va bitta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali tajribali futbolchining bozor qiymatini 10 million yevroga baholamoqda.