“Manchester Yunayted” Feliks Nmecha uchun kurashga qo‘shildi
“Manchester Yunayted” Dortmundning "Borussiya" klubi yarim himoyachisi Feliks Nmechani o‘z safiga qo‘shib olish uchun kurashni kuchaytirmoqda.
Manbalarga ko‘ra, “qizil iblislar” germaniyalik futbolchi transferi borasida Madridning “Real” va “Manchester Siti” bilan raqobatlashishga tayyor. Klubning sport direktori Kristofer Vivell futbolchining vakillari bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.
Qayd etilishicha, 25 yoshli yarim himoyachi hozircha Dortmundni tark etishga shoshilmayapti va asosiy e'tiborini Germaniya terma jamoasi bilan Jahon chempionatidagi ishtirokiga qaratgan. Shunga qaramay, kelajakda Premyer-ligaga qaytish ehtimoli real variant sifatida baholanmoqda.
Ma'lumot uchun, Feliks Nmecha 2023-yildan buyon Dortmundning “Borussiya” klubida to‘p surmoqda. Joriy yilning mart oyida u klub bilan shartnomasini 2030-yilning yoziga qadar uzaytirgan.