“Manchester Siti”ning taqdiri 2027-yil boshida hal bo‘lishi kutilmoqda
Angliyaning “Manchester Siti” klubiga nisbatan moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha ochilgan shov-shuvli ish yuzasidan yakuniy qaror 2027-yil boshida e’lon qilinishi kutilmoqda. Klub mustaqil komissiyaning ayblovlarni asosli deb topgan qaroriga rozi bo‘lmay, apellyatsiya bergan. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Angliya mustaqil futbol regulyatori rahbari Devid Kogan apellyatsiya jarayoni 2027-yilning yanvar oyida yakunlanishi mumkinligini bildirgan. “Manchester Siti” 1-oktabr kuni mustaqil komissiya qarori ustidan rasman shikoyat qilgan. Angliya Premyer Ligasi esa ushbu ish bo‘yicha barcha sud jarayonlari joriy mavsum yakuniga qadar tugatilishini istamoqda.
Agar “Manchester Siti” apellyatsiya jarayonida yutqazsa, klubga nisbatan jiddiy sport sanksiyalari qo‘llanilishi mumkin. Ular orasida turnir jadvalidan ochkolar olib tashlash, qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonlaridan mahrum qilish va hatto Premyer Ligadan chetlatish kabi jazolar ham bor. Biroq hozircha yakuniy jazo turi va uning miqdori belgilanmagan.
Ma’lumot uchun, “Manchester Siti” 2009–2018-yillar oralig‘ida Angliya Premyer Ligasining moliyaviy qoidalarini 115 marta buzganlikda ayblangan. Ayblovlar asosan homiylik daromadlarini noto‘g‘ri ko‘rsatish, moliyaviy ma’lumotlarni yashirish hamda liga tekshiruvlari bilan bog‘liq. Klub esa ayblovlarni rad etib kelmoqda. Mustaqil komissiya tomonidan chiqarilgan dastlabki qaror apellyatsiya jarayoni yakunlanmaguncha yakuniy hisoblanmaydi.